Fransiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Frank Lebyof «Real» va «Barselona» yulduzlari Kilian Mbappe hamda Rafinyani taqqosladi.
«Hech kim Rafinya Mbappedan yaxshiroq deb ayta olmaydi. Chunki Rafinya markaziy hujumchi pozisiyasida endigina o‘ynay boshladi, Mbappe esa bu pozisiyada qariyb o‘n yildan beri barqaror harakat qilib, gollar urmoqda. Ammo Mbappening maydonda qilayotgan ishlari ko‘proq o‘zini ko‘rsatish uchun, Rafinya esa jamoa manfaati uchun harakat qilayotgandek tuyuladi. Muammo ham shunda.
Mbappe «Oltin to‘p»ni yutishni xohlashini aytganida, buning o‘zi ko‘p narsani anglatdi. Meni aynan shu narsa xavotirga soladi. «Oltin to‘p» haqida bunday gapirish kerak emas. Uning bu sovrinni qo‘lga kiritish istagini ochiq aytishi meni g‘ashimga tegadi, chunki bu uni tanqid qilayotganlarning fikrini tasdiqlayotgandek. Uni xudbin deb hisoblashadi va u buni o‘zi ham namoyon qilmoqda.
«Real» yomon o‘ynayotgan va g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa-da, u hali ham «Oltin to‘p» haqida gapirmoqda. Yo‘q. Avvalo jamoang bilan o‘yinlarda g‘alaba qozon va gollar ur. La Liga va Chempionlar ligasida g‘olib chiqishni xohlashingni ayt. «Oltin to‘p» haqida gapirishni bas qil», — dedi Lebyof.













