«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu jamoa yarim himoyachisi Hakan Chalhano‘g‘lini klubda saqlab qolishni istamoqda.
Insayder Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, turkiyalik futbolchining Milan klubidagi kelajagi hozircha noaniqligicha qolmoqda.
Chalhano‘g‘li ayni paytda yiliga 6,5 million yevro maosh oladi. «Inter» rahbariyati unga yangi shartnoma taklif qilishga tayyor, biroq yangi kelishuvda futbolchining maoshi kamaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shunga qaramay, jamoa bosh murabbiyi Kristian Kivu 32 yoshli yarimhimoyachini muhim futbolchilardan biri deb hisoblaydi va uni yo‘qotishni istamayapti.
Chalxanoglu joriy mavsum Italiya chempionatida 3 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi. Uning «Inter» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.













