«Liverpul»ning sobiq himoyachisi, 2026 yilning yozida «Tottenxem» bilan shartnoma imzolagan Endi Robertson o‘tgan yozgi mavsumlararo tanaffusda, jamoa hujumchisi Diogu Jotaning halokatidan so‘ng mersisaydliklar lagerida nimalar yuz berganini aytib berdi.
Eslatib o‘tamiz, Jota o‘tgan yilning iyul oyida ukasi bilan birga avtohalokatda halok bo‘lgan edi.
«Bu haqda gapirish yoki hatto so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Biz boshdan kechirgan narsalar dahshatli edi.
Yangi kelgan futbolchilar qayg‘udan vayron bo‘lgan klubga kelishdi. Men bu yigitlarga juda achindim: ular shartnoma imzolashdi, ustiga-esa katta pul evaziga, ammo moslashib ketishlari uchun oylab vaqt kerak bo‘ldi. Futbol xayolimizga ham kelmasdi, chunki biz kiyinish xonasidagi eng yaqin do‘stlarimizdan birini yo‘qotgan edik.
Barcha futbolchilarda ichki shijoat, ruhiyat bo‘ladi va uni yo‘qotganingizda, o‘zingizning eng yaxshi o‘yiningizni ko‘rsata olmaysiz. Menimcha, o‘tgan mavsumda biz ana shu ruhiyatni yo‘qotdik.
Ortga nazar tashlab, tushunyapmanki, biz o‘sha qatiyatni biroz yo‘qotib qo‘ygandik, chunki ba’zida o‘zimizni «Buning nima keragi bor? Jotaning oilasi nimalarni boshdan kechirayotganiga qarang... Uning farzandlariga qarang...» degan xayolda tutardik.
O‘limidan bir hafta oldin men uning to‘yida edim. Bu eng og‘ir sinovlardan biri: insonni hayotidagi eng baxtli kunida ko‘rib, atigi bir haftadan so‘ng uning oilasi qayg‘udan vayron bo‘lganiga guvoh bo‘lish.
Fojiadan so‘ng biz ko‘p gaplashdik. Murabbiyga qoyil qolish kerak — u o‘zini ajoyib tutdi. Mavsumga tayyorgarlikning o‘zi deyarli bo‘lmadi, chunki Arne: «Agar mashg‘ulot o‘tkazishni xohlamasangiz — o‘tkazmang», dedi. Uning mavsumga tayyorgarlikka yondashuvi shunday bo‘ldi. Klubda psixolog ishladi, u kichik guruhlar tashkil etdi, u yerda qahva ichib, gaplashish mumkin edi. Biz tez-tez yig‘ilib turardik va menimcha, bu yordam berdi.
Ammo, oxir-oqibat, biz futbol o‘ynashimiz kerak edi. Bizda boshqa tanlov yo‘q edi. Biz buni qo‘limizdan kelganicha eng yaxshi tarzda qilishga harakat qildik va ehtimol, aynan shuning uchun o‘tgan mavsum shunchalik og‘ir kechgandir», — dedi Robertson The Overlap nashriga.
2025/26 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, «Liverpul» APLda 5-o‘rinni egalladi.













