Norvegiya terma jamoasi sardori Martin Edegor Millatlar ligasi doirasida Portugaliyaga qarshi bo‘lajak o‘yin oldidan Krishtianu Ronaldu haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Edegor avval «Real»da Ronaldu bilan bir jamoada bo‘lgan. Norvegiyalik futbolchi madridliklar safidagi debyutini portugaliyalik hujumchining o‘rniga zaxiradan maydonga tushish orqali o‘tkazgan. Endi «Arsenal» yarim himoyachisi Ronaldu bilan yana, bu safar milliy jamoalar darajasida to‘qnash kelishga tayyorlanmoqda.
«Uning faoliyati haqida nima deb o‘ylayman? Menimcha, bu yerda hamma uning faoliyati shunchaki aqlbovar qilmas darajada ekaniga qo‘shiladi. Men undan ko‘p narsani o‘rgandim», — deya Edegorning so‘zlarini Goal keltirdi.
Norvegiya — Portugaliya uchrashuvi 27 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unga qadar norvegiyaliklar 24 sentyabr kuni Daniyaga qarshi bahs olib boradi.













