O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarning qator savollariga javob berdi.
Italiyalik mutaxassisning fikricha, terma jamoa taraqqiyoti uchun Eron kabi kuchli raqiblarga qarshi muntazam o‘ynash muhim.
"Biz doimo kuchli jamoalar bilan to‘qnash kelishga harakat qilishimiz kerak. Futbolchilarimiz ana shunday qiyin o‘yinlarda tajriba orttiradi. Eron Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular yuqori saviyali futbolchilar va katta xalqaro tajribaga ega. Bu uchrashuv biz uchun juda foydali bo‘ladi", — dedi Kannavaro.
Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov ham bo‘lajak bahs jamoaning hozirgi holatini baholash imkonini berishini ta’kidladi.
"Uzoq tanaffus va tarkibdagi o‘zgarishlardan keyin bu biz uchun yaxshi sinov. Kuchli raqib kamchiliklarimizni ko‘rsatib beradi. Yaxshi o‘yin ko‘rsatib, ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz", — dedi hujumchi.
Anjuman davomida Argentina terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilishi mumkinligi haqidagi avvalgi xabarlarga ham oydinlik kiritildi.
Kannavaroning aytishicha, bunday variant haqiqatdan ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Argentina futbol federasiyasining Lionel Messi uchun xayrlashuv uchrashuvini tashkil etish rejasi vaziyatni o‘zgartirgan.
"Argentina bilan o‘ynash uchun harakat qilgan edik. Ammo keyin ular Messining xayrlashuv uchrashuvi masalasi bo‘yicha qaror qabul qildi. Shuning uchun boshqa raqib izlashga to‘g‘ri keldi va Suriya bilan kelishdik. Albatta, Suriya — Argentina emas, lekin bu jamoaga ham katta hurmat bilan qaraymiz. Ular bilan o‘yinlar doimo qiyin kechadi", — dedi murabbiy.
Tarkibdagi sezilarli yangilanishlar ham matbuot anjumanining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Kannavaro ayrim tajribali futbolchilarning bu safar chaqirilmagani ularning terma jamoadagi faoliyati tugaganini anglatmasligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Jahon chempionatidan keyin ba’zi futbolchilar o‘yin amaliyotidan mahrum bo‘lgan, ayrimlari jarohat olgan, yana kimdir klubsiz qolgan. Bu esa boshqa nomzodlarni sinab ko‘rish uchun imkoniyat yaratgan.
"Terma jamoa eshigi hech kim uchun yopiq emas. Biz chempionatdagi o‘yinlarni doimiy ravishda kuzatamiz. Futbolchilarning holatini yaxshi bilamiz. Kim yaxshi formada bo‘lsa va jamoaga yordam bera olsa, imkoniyat oladi", — dedi Kannavaro.
Bosh murabbiy milliy jamoaga ilk bor chaqirilgan Muhammad Hakimovga ham alohida to‘xtaldi.
"Uni anchadan beri kuzatib kelyapmiz. Muhammad maydonda qo‘rqmay o‘ynaydi va yaxshi xarakterga ega. Men futbolchilarni yoshiga qarab ajratmayman. Agar yosh futbolchi talabga javob bersa, o‘ynaydi. Tajribali futbolchi yaxshi formada bo‘lsa, u ham maydonga tushadi", — dedi mutaxassis.
Kannavaro futbolchilarni tanlashda tasodifiy qarorlarga o‘rin yo‘qligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabi har bir nomzodni uzoq vaqt davomida kuzatadi va uning terma jamoaga qanchalik foyda keltirishiga qarab xulosa chiqaradi.
Darvozabon Vladimir Nazarov va boshqa yangi futbolchilarning chaqirilishi ham aynan shu tamoyil bilan izohlandi.
Italiyalik mutaxassis Jahon chempionatidan keyin yuqori saviyada barqaror o‘ynayotgan futbolchilar soni kamayganini ham yashirmadi. Shu bois, tarkibni kengaytirish va yangi nomzodlarni sinab ko‘rishga ehtiyoj tug‘ilgan.
"Avvalgi murabbiy 22-23 futbolchigagina ishonch bildiryapti, deb tanqid qilingan edi. Endi biz ko‘proq futbolchiga imkoniyat beryapmiz va bu ham bahslarga sabab bo‘lyapti. Har doim muvozanatni topish kerak", — dedi Kannavaro.
Anjuman yakunida jurnalistlardan biri ayrim yaxshi formadagi futbolchilarning chaqirilmaganini adolatsiz qaror deb baholadi. Bu masalada qisqa munozara ham yuzaga keldi.
Kannavaro esa tarkibdagi o‘zgarishlarni "inqilob" deb atashga qo‘shilmasligini bildirdi.
"Bu inqilob emas. Biz shunchaki yaxshi o‘ynayotgan yosh futbolchilarga milliy jamoada o‘zini ko‘rsatish imkonini beryapmiz. Fikrlar turlicha bo‘lishi mumkin. Siz meni hurmat qilasiz, men ham sizni hurmat qilaman", — deya fikrini yakunladi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.













