Isroil terma jamoasi hujumchisi Said Abu Farchi Avstriyaga qarshi UYEFA Millatlar ligasi B-divizionning 3-guruh uchrashuvida golni nishonlash paytidagi harakati sabab maydondan chetlatildi. Isroil terma jamoasi Avstriyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Avstriyaning Linz shahridagi “Reiffeizen Arena” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda mezbonlar Romano Shmidtning penaltidan urgan goli evaziga hisobni ochdi. Abu Farchi 55-daqiqada bosh bilan gol urib, hisobni tenglashtirdi.
Golni nishonlash vaqtida 20 yoshli futbolchi burchak bayrog‘ini olib, undan qurol sifatida foydalanayotgandek harakat qildi. Hakam bundan to‘rt daqiqa oldin unga sariq kartochka ko‘rsatgan edi. Shu sababli Abu Farchi nishonlash paytidagi harakati uchun ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. Natijada Isroil uchrashuvning qolgan qismini 10 nafar futbolchi bilan o‘tkazdi.
Avstriya futbolchilari raqibning bir kishi kam bo‘lib qolganidan unumli foydalandi. 90-daqiqada Filipp Mvene Pol Vannerning uzatmasidan keyin hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Qo‘shib berilgan vaqtda esa Sasa Kalayjich yaqin masofadan gol urib, Avstriyaning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.













