Madridning «Real» klubi himoyachisi Raul Asensioga o‘tgan yozda, jumladan, «Liverpul»dan ham uchta yirik taklif tushgan. Bu haqda insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Mersisaydliklardan tashqari, Londonning «Chelsi» klubi va moliyaviy imkoniyatlari yuqori bo‘lgan Turkiya klubi ham ispaniyalik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirgan.
Asensio «Real»dagi boshqa himoyachilar bilan raqobatda yutqazib qo‘yayotgani sababli jamoani tark etishi mumkin.
23 yoshli futbolchining «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2031 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali Asensioning transfer qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.













