Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlari tashkilotchilari sportchilar va rasmiylarga xizmat ko‘rsatishda yuzaga kelgan kamchiliklarni tan oldi.
Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ishtirokchilar soni dastlabki prognozdan ancha oshib ketgan. O‘yinlarga kelgan sportchi va rasmiylar soni 17 ming nafarga yetgan bo‘lib, bu kutilganidan qariyb 2 ming nafar ko‘p.
Qo‘shimcha yuklama, ayniqsa, transport va joylashtirish tizimida sezildi. Ayrim delegasiyalar tor xonalar, kichik yotoqlar hamda avtobuslar kechikishi kabi muammolar haqida shikoyat qilgan.
Tashkiliy qo‘mita bosh kotibi Satoshi Murate xizmat ko‘rsatishda xatolar bo‘lganini tan olib, ishtirokchilardan uzr so‘radi.
"Sabab qanday bo‘lishidan qat’i nazar, sportchilarga munosib sharoit yaratish bizning vazifamiz. Shuning uchun yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rayman", — dedi Murate.
Uning aytishicha, dastlabki kunlar bilan taqqoslaganda vaziyat ancha yaxshilangan. Tashkilotchilar musobaqaning qolgan qismida transport va yashash sharoitlarini yanada tartibga solishga harakat qilmoqda.
Muammolar ayrim jamoalarning tayyorgarligiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Mo‘g‘uliston basketbol terma jamoasini mashg‘ulotga olib borishi kerak bo‘lgan avtobus o‘z vaqtida kelmagan va shu sabab mashg‘ulot bekor qilingan.
Filippinlik skvoshchi Yvonn Alissa Dalida esa sportchilar joylashtirilgan kruiz kemasidagi xonasiga kirish uchun uzoq vaqt kutishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, u kemada yashash tajribasini o‘ziga xos deb baholagan.
Tashkilotchilar endi asosiy e’tiborni sportchilar musobaqalarga to‘liq tayyorlana olishi uchun zarur sharoitlarni yaxshilashga qaratmoqda.













