Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/09 11:00 Janubiy Koreya 2-1 Xitoy
30/09 15:30 O‘zbekiston 1-1 Yaponiya

“Bizda butun boshli kuchli avlod bor” — Shavkat Mirziyoyev yosh shaxmatchilar haqida

“Bizda butun boshli kuchli avlod bor” — Shavkat Mirziyoyev yosh shaxmatchilar haqida

Baho:
+ | -

Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident mtabuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada Javohir yana sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatdi, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmadi.

“Endi oldingda yana bir ulkan marra – jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!” – dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dehtiarovni qora donalarda mag‘lub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Mamlakat yetakchisi uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, u amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

“Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor”, – dedi prezident.

Shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.

Prezident O‘zbekiston Olimpiadada erkaklar va ayollar o‘rtasida jami oltita terma jamoa bilan qatnashganiga e’tibor qaratdi. Barcha tarkiblarning natijalari va o‘yin uslubi jahon shaxmat olamining qiziqishini uyg‘otdi.

Erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi jamoa jahon reytingida oltinchi o‘rinda turgan Niderlandiya terma jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi. Davlat rahbari buni ham muhim yutuq deb baholadi.

Uchinchi jamoa tarkibidagi 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta o‘yinda yettita g‘alabaga erishdi. Uning natijasi mamlakatda yetishib kelayotgan iste’dodli shaxmatchilar salohiyatini ko‘rsatdi.

“Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat”, – dedi prezident hamda bu avlod va uning ortidan kelayotgan yoshlar jahon shaxmatida hali ko‘plab yutuqlarga erishishiga ishonch bildirdi.

Davlat rahbari ayollar terma jamoalar ham Olimpiadada katta iroda va matonat ko‘rsatganini ta’kidladi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida g‘alaba qozonib, dunyoning kuchli shaxmat mamlakatlari vakillari bilan tengma-teng kurashdi.

Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati alohida e’tirof etildi.

“Ishonaman, hali o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga albatta ko‘tariladi”, – dedi prezident.

Samarqanddagi uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida terma jamoa ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yettita o‘yinda olti ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalni qo‘lga kiritdi, Ahadxon Kimsanbayev esa birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Prezident parashaxmatchilarning har biriga alohida tahsin bildirdi.

“Sizlar o‘z jasoratingiz, aql-zehningiz, irodangiz va tinimsiz mehnatingiz bilan minglab insonlarga juda katta ibrat va namuna ko‘rsatdingiz”, – dedi davlat rahbari.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 20:58, 29.09.2026.
O'qildi: 795 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик