Myunxenning «Bavariya» klubi fransuz vingeri Maykl Olisega moliyaviy jihatdan yaxshilangan shartlar asosida yangi shartnoma taklif qilmoqchi. Germaniya grandi rahbariyati futbolchini jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirish orqali uni shartnomasini uzaytirishga ko‘ndirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Footmercato xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, fransuz futbolchisining yangi maoshi Xarri Keyn va Jamal Musialaning maoshidan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, angliyalik hujumchi va nemis yarim himoyachisi soliqlar ushlanguniga qadar oyiga taxminan 2,1 million yevrodan maosh olgan.
Oliseni «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
Futbolchi tomonidan esa yangi shartnomaga katta miqdordagi tovon puli ko‘rsatilgan band kiritilishi mumkin. Bunday band amaldagi kelishuvda mavjud emas.
«Bavariya»ning futbolchining kelajagini kafolatlash istagiga uning yuqori samaradorligi sabab bo‘lmoqda. O‘tgan mavsumda Maykl Olise barcha musobaqalar doirasida 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urgan va 31 ta golli uzatma amalga oshirgan.













