Turkiyada o‘yinlarga hakamlarni tayinlash va ularning faoliyatini baholash jarayonlariga aralashganlikda ayblanib, hakamlar qo‘mitasi rahbari Ferhat Gundogdu boshchiligidagi yetti kishi hibsga olindi.
Turkiya adliya vaziri Akin Gurlekning ma’lum qilishicha, hakamlar reytingini shakllantirish, ularni uchrashuvlarga tayinlash, ball qo‘yish va qoidalar bo‘yicha imtihon natijalarini soxtalashtirish holatlari yuzasidan jiddiy tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar doirasida Turkiya futbol federasiyasi (TFF) hakamlar qo‘mitasi prezidenti Ferhat Gundogdu va uning o‘rinbosari ham qo‘lga olingan. Gumondorlarning yashash, ish joylari va ofislarida tintuvlar o‘tkazilgan.
“Turk futboliga bo‘lgan ishonchga putur yetkazayotgan holatlarga barham berish va aybdorlarni qonun oldida javobgarlikka tortish uchun "toza futbol" yo‘lidagi kurashni qat’iy davom ettiramiz. Futbol maydondagi halol kurash va matonat bilan yodda qolishi kerak”, deb yozadi adliya vaziri o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir yil avval ham TFF noqonuniy tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar (totalizator) bilan bog‘liq mojaro doirasida 149 nafar hakamni faoliyatidan chetlatgan edi. O‘shanda professional ligalarda ishlaydigan 571 hakamning 371 nafarida bukmekerlik akkauntlari borligi va ulardan 152 nafari muntazam ravishda pul tikib kelgani aniqlangan.
O‘tgan yilgi mojaro doirasida jami 29 kishi, jumladan, 14 nafar futbolchi hibsga olingandi (ular orasida “Fenerbahche” yarimhimoyachisi Mert Xakan Yandash ham bor edi). Shuningdek, 1000 dan ortiq o‘yinchi (ulardan 25 nafari oliy diviziondan) turli muddatlarga diskvalifikasiya qilingan. Biroq, adliya vaziri hozirgi hibsga olishlarning o‘tgan yilgi totalizator mojarosiga bevosita aloqasi bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.













