«Barselona» prezidenti Joan Laporta «Atletiko» bosh direktori Migel Anxel Xil Marin bilan yarashganini ma’lum qildi.
Ular o‘rtasidagi munosabatlar yozda kataloniyaliklarning hujumchi Xulian Alvaresga qiziqish bildirishi ortidan keskinlashgan edi. Transferlar oynasi yopilgach, «Barselona» futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish harakatlarini to‘xtatdi.
«Biz ko‘rishdik va quchoqlashdik. Ishonchim komilki, barcha kelishmovchiliklarimizni hal qilib bo‘ldik va endi hammasi ochiq. U ajoyib inson, u bilan muloqot qilish men uchun juda qulay», — deya Laportaning so‘zlarini Barca Universal keltirdi.
Yevropa futbol klublari assosiasiyasi (EFC) Bosh assambleyasi o‘tayotgan Kopengagenda Laporta, shuningdek, UEFA prezidenti Aleksander Cheferin va EFC rahbari Nosir Al-Xelayfiy bilan ham uchrashdi.
Bu «Barselona» tashkilotga to‘liq huquqli a’zo sifatida qaytganidan keyin Laportaning assambleyadagi ilk ishtiroki bo‘ldi.













