Angliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Jeymi Karrager moliyaviy qoidabuzarliklarda ayblanayotgan «Manchester Siti»ni sovrinlaridan mahrum qilish kerakligini aytdi, ammo «shaharliklar» unvonlarini «Liverpul» va «Manchester Yunayted» futbolchilariga berishdan ma’no ko‘rmayotganini ta’kidladi.
«Men haqiqatan ham ushbu davrda “Manchester Siti” qo‘lga kiritgan unvon va sovrinlar uning yutuqlari ro‘yxatidan chiqarilishi kerak, deb hisoblayman. Bu unvonlar boshqa klublarga o‘tishi kerakmi, degan masala esa boshqa gap. Menga bir nechta medal olish nasib qilgan. Yillar o‘tib, men hech qachon medalning o‘ziga qaramayman. Ammo o‘sha lahzani xayolan eslayman va ichimda alohida hislar paydo bo‘ladi. Muhim o‘yinda hakamning yakuniy hushtak chalganini eslayman.
U futbolchilar hech qachon bunday hisni boshdan kechirmaydi. Ular aynan shu narsadan mahrum bo‘lishdi. Bunga “Manchester Siti” sabab bo‘ldi. Menimcha, kimgadir medal berishning ahamiyati bo‘lmaydi. Ular uni uyida, sovrinlar xonasida saqlaydi va hech qachon unga qaramaydi. Gap medallarda emas, his-tuyg‘ularda — “Manchester Siti” odamlarni aynan shu hisdan mahrum qildi.
Klub jazolanadi. Muxlislar, futbolchilar, klubning o‘zi va egalari bor. Menimcha, gap aynan egalar — klub rahbariyatida turgan odamlar haqida ketmoqda. “Manchester Siti” ajoyib klub; u 100 yil davomida shunday bo‘lgan va yana yuzlab yillar shunday bo‘lib qoladi. Ammo hozir aniqlanayotgan holatlarni hisobga olsak, amaldagi egalar Angliya futbolida faoliyatini qanday davom ettirishi mumkinligini tushunmayman», — dedi Karrager Sky Sports efirida.













