O‘zbekistonda 2027 yilgi U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik masalalari FIFA rahbariyati bilan yuqori darajada muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni Toshkentda FIFA prezidenti Janni Infantinoni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Tomonlar FIFA bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mamlakatda futbolni ommalashtirish va yosh iqtidorlarni aniqlash tizimini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, murabbiylar, hakamlar, futbol menejerlari, sport tibbiyoti xodimlari va texnik mutaxassislarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Alohida e’tibor O‘zbekistonda FIFAning yirik turnir va tadbirlarini ko‘proq tashkil etish hamda Toshkentda tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochish jarayoniga qaratildi. Bunday ofisni Toshkentda tashkil etish masalasi Mirziyoyev va Infantinoning 2025 yilgi uchrashuvida ham muhokama qilingan edi.
FIFA avvalroq 2027 yilgi U-20 Jahon chempionati O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazilishini tasdiqlagan. O‘zbekistonda musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi ham qabul qilingan.













