Liga Ijroiya qo‘mitasi 9 nafardan a’zodan iborat bo‘lib, tashkilot bosh direktori lavozimi bo‘yicha Ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida qo‘mita raisi hisoblanadi.
Qo‘mitaning yana uch nafar a’zosidan biri Assosiasiya vakili, bir nafari Liga vakili va yana biri futbol jamoatchiligi vakili bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shundan kelib chiqib, Ijroiya qo‘mitasida o‘tgan davrda faoliyat olib borgan a’zolarni keyingi to‘rt yillik vakolat muddatiga saylash masalasida Liga Superliga va Proligadan umumiy 29 ta klubga murojaat qildi.
Ovoz berishda ishtirok etgan klublar Liga yuriskonsulti Oybekxon Ibrohimxonov nomzodini keyingi to‘rt yil uchun bir ovozdan tasdiqladi. Assosiasiya vise-prezidenti Odil Ahmedov 95,7 foiz ovoz bilan, O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoyev esa 91,3 foiz ovoz bilan Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga qayta saylandi.
Ma’lumki, Ijroiya qo‘mitasida klublar vakillari 5 nafarni tashkil qiladi. Bu esa o‘z navbatida qo‘mita qarorlarini qabul qilishda klublar manfaatlariga ustuvorlik berilishini ta’minlaydi.
Qo‘mitaning klublar vakillari tarkibini shakllantirish masalasida Liga ikki xil variantni ilgari surdi va ulardan birini tanlashni klublar ixtiyoriga qoldirdi. «Neftchi», «Qizilqum», «Dinamo» klublari Ijroiya qo‘mitasi a’zoligi uchun taqdim etilayotgan 20 nafar nomzodga umumiy ovoz berish variantini yoqladi. «Paxtakor» va «Bunyodkor» klublari bu borada betaraf qolgan bo‘lsa, yana 18 ta klub ovoz berishda mintaqaviy shaklni afzal bildi.















