Norvegiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken Portugaliyaga qarshi bo‘lajak uchrashuv haqida fikr bildirdi. Raqib jamoa mazkur bahsda Krishtianu Ronaldusiz harakat qiladi.
«Biz avval ham Ronaldusiz jamoaga qarshi o‘ynaganmiz. Ammo hozir tayyorgarlikni biroz boshqacha olib borishimiz kerak, chunki Portugaliya tarkibda ayrim o‘zgarishlar qiladi, deb o‘ylayman. Ularda kuchli futbolchilardan tuzilgan juda yaxshi variantlar bor va har bir futbolchi o‘ynashni istaydi.
Avvalgi uchrashuv esa, ayniqsa dastlabki 60 daqiqa, bizning eng yaxshi o‘yinlarimizdan biri bo‘ldi. Endi ham shu darajani takrorlay olishimizga umid qilaman.
Biroq bu safar barchasi boshqacha kechishi aniq, chunki Portugaliya o‘z maydonida o‘ynaydi. Biz bor kuchimizni ishga solamiz va nimalarga qodir ekanimizni ko‘ramiz», — deya Solbakkenning so‘zlarini keltiradi Record.













