Olimpiada chempioni Javohir Sindorov 27–29 oktyabr kunlari AQSHning Sent-Luis shahrida bo‘lib o‘tadigan Clutch Chess: Champions Showdown 2026 turnirida qatnashadi.
Turnirda Sindorovdan tashqari Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Rameshbabu Praggnanandha kabi yuqori reytingga ega shaxmatchilar ishtirok etadi.
Musobaqa tezkor shaxmat yo‘nalishida o‘tkazilib, jami 18 ta partiya o‘ynaladi. Har bir partiyada shaxmatchilarga 10 daqiqa vaqt beriladi va har bir yurishdan so‘ng 5 soniya qo‘shiladi.
Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindorov shu yilning 22 noyabridan 13 dekabriga qadar Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon toji uchun bahslarda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, g‘olibni aniqlash uchun jami 14 ta partiya o‘ynaladi va chempionlik uchun shaxmatchilardan 7,5 ochko jamg‘arish talab etiladi. Agar tomonlardan biri bu natijaga belgilangan o‘yinlardan ertaroq erishsa, bahs muddatidan oldin yakunlanadi. Asosiy o‘yinlar 7:7 hisobidagi durang bilan tugasa, chempion nomi tay-breykda aniqlanadi.













