Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Millatlar ligasi doirasida Chexiyaga qarshi o‘tgan uchrashuv haqida fikr bildirdi. "Qizil furiya" o‘z maydonida 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
"Shogirdlarim birinchi taymda ustunlik qildi va juda yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldi. Tanaffusdan keyin munosabatimiz o‘zgardi, deb ayta olmayman, ammo biz almashtirishlarni amalga oshirdik. Shundan so‘ng o‘yin sur’ati o‘zgardi. Ikkinchi taymda bizga keskinlik yetishmadi.
Biz g‘alaba qozonish haqida o‘ylaymiz, ammo futbolchilarni asrashni ham unutmaymiz. Ularning hech biri uchta o‘yinni to‘liq o‘tkazmadi", — deya murabbiyning so‘zlarini UYEFA matbuot xizmati keltirdi.
De la Fuente shogirdlari keyingi uchrashuvni safarda Xorvatiyaga qarshi o‘tkazadi.













