Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich Millatlar ligasida Angliyadan 0:7 hisobidagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng keskin fikr bildirdi. Ushbu natija Xorvatiya terma jamoasi tarixidagi eng yirik mag‘lubiyat bo‘ldi.
«Bunday o‘yinga izoh topish qiyin — kurash yo‘q, follar yo‘q, agressiya yo‘q, birdamlik yo‘q. Men terma jamoada 20 yildan beri o‘ynayman, ammo o‘yindan keyin birinchi marta uyaldim. Raqib kuchliroq bo‘lgani uchun mag‘lub bo‘lish mumkin. Ammo bunday yutqazish va yillar davomida shakllantirgan obro‘mizga dog‘ tushirish — qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Men juda uyaldim. Bugun biz hatto uchinchi divizion jamoasiga ham mag‘lub bo‘lardik», — deya Modrichning so‘zlarini Marca keltirdi.
«Futbolni bunday o‘ynash mumkin emas. Go‘yo maydonda bizdan to‘rt-besh nafar futbolchi kamdek edi. Bu falokatli kecha bo‘ldi. Biz bir-birimizni ayblamasligimiz va aybdor qidirmasligimiz kerak. Aksincha, birdam bo‘lib qolishimiz lozim. Men o‘yindan keyin hech qachon bunday hisni boshdan kechirmaganman».
Xorvatiya terma jamoasining navbatdagi raqibi Ispaniya bo‘ladi.
«Biz birdam bo‘lishimiz kerak, chunki oldinda yana bir qiyin uchrashuv turibdi. O‘zimizning haqiqiy qiyofamizni ko‘rsatishimiz zarur — bizda xarakter, g‘urur, istak, iroda va birdamlik borligini isbotlashimiz kerak. Bularni bir kechada yo‘qotib qo‘yib bo‘lmaydi».
Ispaniyaga qarshi uchrashuv 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.













