«Lids» hozircha bosh murabbiy Daniel Farke bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishgani yo‘q. Nemis mutaxassisining amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi, deb xabar bermoqda Leeds Live.
49ers Enterprises va «Lids» Farke bilan hamkorlikni davom ettirishni istamoqda. Murabbiyning o‘zi ham jamoada ishlashni davom ettirishga qiziqish bildirgan, biroq shartnomaning ayrim tafsilotlari hali kelishilmagan. Avvalroq Farke bu vaziyatga xotirjam munosabatda ekanini bildirgan va bir necha bor kelajagi haqidagi savollarga javob berishdan tiyilgan. U hozir bu mavzuni muhokama qilish uchun mos vaqt emasligini ta’kidlagan.
«Lids» muxlislari ham yangi shartnoma imzolanmaganidan unchalik xavotirda emas. Leeds Live tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 1250 kishi ishtirok etgan va ularning 60 foizi bu holatdan hech qanday xavotir his qilmayotganini bildirgan.
Farke 2023 yildan buyon «Lids»da ishlab kelmoqda. Shu vaqt davomida u jamoani Chempionshipdan APLga olib chiqdi.













