Madridning «Real» klubi yarim himoyachi Jud Bellingem bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralarda olg‘a siljishga erishdi. Klub shartnomani uzaytirish jarayonini yil oxiriga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Qirollik klubi» 23 yoshli yarim himoyachi bilan amaldagi shartnomani yana ikki yilga — 2031 yilga qadar uzaytirmoqchi. Shuningdek, «qaymoqranglilar» futbolchining yillik maoshini 20 million yevrodan 30 million yevrogacha oshirishga tayyor.
Yangi shartnoma imzolangan taqdirda, Bellingem Kilian Mbappe va Vinisius Junior kabi hujumchilar bilan bir xil darajada maosh oladi. «Real»da yarim himoyachining kelajakda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish imkoniyati bor, deb hisoblashmoqda.
Bellingem 2023 yil yozidan buyon Ispaniya grandi sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 8 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 160 million yevroni tashkil etadi.













