«An-Nasr» hujumchisi Joau Feliks Yevropa futboliga qaytishni rejalashtirmoqda va Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoa izlamoqda. Futbolchining asosiy tanlovi hamon «Barselona» bo‘lib qolmoqda. Uning agenti Jorje Mendesh kataloniyaliklarga Feliksning klubga erkin agent sifatida qaytish istagini allaqachon ma’lum qilgan. Bu haqda Sport.es xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda «Barselona» 26 yoshli hujumchini qaytarishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rmayapti. Shu bilan birga, kataloniyaliklar Feliks nomzodini butunlay rad etgani ham yo‘q.
Klub mavsum yakunlanganidan so‘ng jamoaning ehtiyojlarini tahlil qilishni rejalashtirmoqda. O‘shanda portugaliyalik futbolchini erkin agent sifatida tarkibga qo‘shib olish varianti «Barselona» uchun jozibador bo‘lishi mumkin.
Feliks 2023/24 yilgi mavsumda «Atletiko»dan ijara asosida «Barselona» safida to‘p tepgan. Uning «Al-Nasr» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozida yakuniga yetadi.













