"Bavariya" va Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Frank Riberi 2013 yilda "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishga loyiq bo‘lganiga ishonch bildirdi.
O‘sha yili fransiyalik futbolchi ovoz berish natijalariga ko‘ra Lionel Messi va sovrinni faoliyatida ikkinchi bor qo‘lga kiritgan Krishtianu Ronaldudan keyin uchinchi o‘rinni egallagan edi.
"O‘sha yil men uchun oltin yil bo‘lgan. Men Bundesliga va Yevropaning eng yaxshi futbolchisi deb topildim. "Oltin to‘p"ga loyiq edim. Uni qo‘lga kirita olmaganim men uchun og‘riqli bo‘ldi va qattiq xafa qilgan. Buni tan olishdan qo‘rqmayman", — deya Riberining so‘zlarini La Gazzetta dello Sport keltirdi.
Riberi 2022 yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Uning so‘nggi klubi Italiyaning "Salernitana" jamoasi bo‘lgan.
Shuningdek, fransiyalik futbolchi faoliyati davomida "Fiorentina", "Bavariya", "Marsel", "Galatasaroy", "Mes" va "Brest" klublari sharafini himoya qilgan.













