Hujumchi Tomas Myuller «Manchester Yunayted»ga amalga oshmagan transferi haqida gapirdi. Hozirda futbolchi MLSda «Vankuver Uaytkeps» safida to‘p tepmoqda.
«2015 yilda «Yunayted» taxminan 100 million yevro taklif qilgandi. Ammo mening amaldagi shartnomam bor edi va «Bavariya» rad javobini berdi», — dedi Myuller GOAL The Late Run podkastida.
25 yoshida futbolchi «Bavariya»dan ketish haqida o‘ylay boshlagan. Bunga sabablardan biri Lui van Gal edi. Myuller aynan uning qo‘l ostida Myunxen klubida o‘zini namoyon qilgan, o‘sha vaqtda esa van Gal «MYU»ni boshqarayotgan edi.
«Men, ehtimol, haqiqatan ham ketishim kerakdir, deb o‘ylagandim. Taklif juda yaxshi edi, qolaversa, ustozim bilan yana birga ishlash imkoniyati bor edi. Men APLga tayyor ekanimni his qilgandim».
Shunga qaramay, Myuller «Bavariya»ning rad javobidan xafa bo‘lmagan.
«Men hatto «Bavariya» rad javobini berganidan xursand bo‘ldim. Bu ulkan kompliment edi: ular 100 million yevrodan voz kechishdi va shu orqali menga: “Sen — bizning futbolchimizsan”, deganlar».
Natijada Myuller 2025 yilgacha «Bavariya»da qoldi. U klub safida 756 ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 250 ta gol urdi. Shuningdek, ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib bo‘ldi va Germaniya chempioni unvonini 13 marta qo‘lga kiritdi.













