«Monako» va AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun yozgi transferlar oynasi so‘nggi kunida Angliya Premyer-ligasiga qaytishi amalga oshmagani haqida fikr bildirdi, shuningdek, Angliyaga ko‘chib o‘tish rejalari hali ham borligini aytdi. Avgust oyi oxirida «Everton» «Arsenal» tarbiyalanuvchisi bilan tibbiy ko‘rikdan so‘ng shartnoma tuzishdan voz kechgan edi.
«Kelajakda APLga qaytishni xohlaymanmi? Ha, ehtimol. Futbolda ko‘plab kutilmagan burilishlar bo‘ladi, buni jahon chempionatidan keyin yana bir bor ko‘rdik. Men transferga yaqin edim, ammo u amalga oshmadi. Lekin, albatta, bu hali ham mumkin.
Mavsum boshlanishi yaxshi kechdi. Biz so‘nggi uch mavsumni ham yaxshi boshlagan edik, shuning uchun, menimcha, eng muhimi — mavsumni qanday yakunlashimiz. Shu bois qadam-baqadam olg‘a harakat qilyapmiz», — deya Balogunning so‘zlarini talkSPORT keltirmoqda.













