Qozog‘istonlik shaxmatchi Alua Nurman 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida qo‘lga kiritilgan kumush medali uchun sportchilarga davlat tomonidan hech qanday mukofot puli to‘lanmasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, ushbu nufuzli musobaqa mukofotlanadigan turnirlar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Sportchi Qozog‘istonga qaytganidan so‘ng mas’ullardan eshitgan javobidan hayratda qolganini yashirmadi:
“Qozog‘istonga qaytib kelganimizdan so‘ng, Olmaota shahri Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari bu yutug‘imiz uchun bizga davlat mukofoti to‘lanmasligini aytishganida juda hayron qoldim. Buning ustiga, Olimpiadadagi natijamiz bizga har oy beriladigan davlat to‘lovlarini olish huquqini ham bermas ekan. Sababi — Butunjahon shaxmat olimpiadasi natijalari bo‘yicha mukofot puli to‘lanadigan davlat musobaqalari ro‘yxatiga kiritilmagan ekan”.
Shaxmatchi sport mutasaddilariga yuzlanib, qator haqli savollarni o‘rtaga tashladi:
“Sportga mas’ul rahbarlarga tabiiy bir savol tug‘iladi: nima uchun bunday bo‘ldi? Qanday qilib dunyoning barcha yetakchi mamlakatlari qatnashadigan, shaxmatchilar uchun eng asosiy jamoaviy musobaqa hisoblangan nufuzli turnir davlat ro‘yxatidan tushib qolgan? Va eng muhimi — bu vaziyatni qanday o‘nglash hamda Butunjahon shaxmat olimpiadasini tegishli ro‘yxatga kiritish mumkin?”.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston ayollar terma jamoasi musobaqa davomida birorta ham uchrashuvda mag‘lub bo‘lmay, 18 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan faxriy unvonlar bilan taqdirlangan edi. Shuningdek, shaxmatchilarga prezident sovg‘asi sifatida Volkswagen avtomobili, kottej uylar va 200 ming dollardan pul mukofoti topshirildi.













