Italiya terma jamoasi himoyachisi Rikkardo Kalafyori milliy jamoadagi ilk golini aynan Bolonyada urgani o‘zi uchun ramziy ahamiyatga ega ekanini aytdi. Futbolchi avvalroq mahalliy «Bolonya» klubi sharafini himoya qilgan.
Kalafyori Millatlar ligasida Turkiyaga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, Italiyaning ikkinchi golini urdi. Bahs 3:1 hisobida italiyaliklar foydasiga yakunlandi.
«Arsenal» himoyachisi uchun bu Italiya terma jamoasidagi 17-uchrashuvida urilgan ilk gol bo‘ldi.
«Go‘yo hammasi taqdirga bitilgandek: aynan shu yerda debyut qilganman, endi esa birinchi golimni ham shu yerda urdim. Bu shahar va bu muxlislardan juda qarzdorman.
Ularga qandaydir tarzda minnatdorchilik bildirishni istardim va bu juda hissiyotli lahza bo‘ldi. Anchadan beri o‘yin paytida bunday tuyg‘ularni boshdan kechirmagan edim. Bu voqea meni haqiqatan ham qattiq ta’sirlantirdi», — dedi Kalafyori.
To‘rtta turdan so‘ng Italiya 7 ochko bilan o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.













