Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan jamoa bilan o‘tkazgan ilk yig‘in yakunlarini sarhisob qilib, futbolchilar o‘rtasidagi muhitni alohida ta’kidladi. Millatlar ligasi 4-turida fransuzlar Belgiya ustidan 4:1 hisobida irodali g‘alaba qozondi.
«Barcha futbolchilarning munosabati meni yoqimli hayratga soldi. Hamma rotasiyani to‘g‘ri qabul qildi. Bu jamoamizda yaqqol sezilmoqda: hatto almashtirilgan futbolchilar ham maydonga tushib, gol urgan sheriklaridan chin dildan xursand bo‘lishdi.
Men ushbu 15 kun davomida har bir futbolchi o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun hamma narsani oldindan rejalashtirgan edim», — dedi Zidan.
Mutaxassis jamoa qaysi jihatlarda o‘sishi kerakligi haqida ham gapirdi.
«Biz raqib jarima maydonini ko‘proq futbolchilar bilan to‘ldirishimiz kerak. Bugungi o‘yinning so‘nggi qismi bundan mustasno, ammo avvalgi to‘rtta uchrashuvda bu jihat bizga yetishmadi.
Qanotlardan hujum qilinganda va uzatmalar berilganda jarima maydonida ko‘proq futbolchilar bo‘lishi lozim. Bu asta-sekin yo‘lga tushadi. Men futbolchilarim va ular bilan birga o‘tkazgan ushbu 15 kundan faxrlanaman», — dedi Fransiya terma jamoasi ustozi.
Fransiya terma jamoasi navbatdagi uchrashuvlarini noyabr oyida o‘tkazadi.













