Sky Sport Germany nashri Myunxenning «Bavariya» klubi 40 yoshli darvozabon Manuel Noyer va 38 yoshli Sven Ulrayx jamoani tark etgan taqdirda ko‘rib chiqayotgan golkiperlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ularning amaldagi shartnomalari mavsum yakunida o‘z nihoyasiga yetadi.
Manbaga ko‘ra, myunxenliklar 23 yoshli Yonas Urbigga darhol raqobat tug‘diradigan yoki asosiy darvozabon maqomi uchun ochiq kurash olib boradigan yosh golkiperni izlamayapti. Aksincha, klub tajribali, barqarorlikni ta’minlay oladigan, yetakchilik sifatlariga ega va yordamchi rolni qabul qilishga tayyor darvozabonni qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda.
Nomzodlar orasida «Kyoln»ning 31 yoshli darvozaboni Marvin Shvebe, «Xoffenxaym» golkiperi Oliver Baumann, «Fulxem»dan Bernd Leno, «Augsburg» vakili Finn Damen, «Volfsburg»ning sobiq darvozaboni, ayni paytda «Al-Qodisiya»da o‘ynayotgan Koen Kastels hamda Frankfurtning «Ayntraxt» klubi sobiq golkiperi, hozir «Parij» safidagi Kevin Trapp bor.
Shuningdek, Berlinning «Union» klubi darvozaboni Frederik Ryonnov, «Bayer»ning sobiq futbolchisi Lukash Gradeski («Monako»), «Nyukasl» golkiperi Nik Poup, «Atletiko» vakili Xuan Musso hamda «Sporting» darvozaboni Ruy Silva variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda.













