UEFA Angliyaning «Manchester Siti» klubiga qarshi moliyaviy qoidabuzarliklar yuzasidan yangi intizomiy ish ochishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Yevropa futbol ittifoqi moliyaviy qoidalarni buzgani uchun «Manchester Siti»ni ikki yilga Chempionlar ligasidan chetlatish haqida qaror qabul qilgan edi.
Biroq keyinchalik Sport arbitraj sudi (CAS) ushbu jazoni bekor qilgan.
Endi esa vaziyat yanada jiddiy tus olishi mumkin. Angliya Premyer-ligasining mustaqil komissiyasi «Manchester Siti»ni ko‘plab moliyaviy qoidabuzarliklarda aybdor deb topganidan so‘ng, UEFA klubga nisbatan yangi tekshiruv boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
The Touchline nashrining Mirror gazetasiga tayanib xabar berishicha, 2020 yildagi tekshiruv vaqtida UEFA ixtiyorida Angliya Premyer-ligasi keyinchalik qo‘lga kiritgan dalillar mavjud bo‘lmagan.
Ayni paytda Yevropa futbol ittifoqi «Manchester Siti» tomonidan berilgan apellyasiya shikoyati bilan bog‘liq jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Agar manchesterliklar apellyasiyada mag‘lubiyatga uchrasa, UEFA klubga qarshi yangi intizomiy ish qo‘zg‘atishi mumkin.
Shu bilan birga, «Manchester Siti» ayblovlarni rad etib, mustaqil komissiya qaroriga e’tiroz bildirmoqda.
Hozircha UEFA tomonidan yangi tekshiruv boshlash haqida rasmiy qaror qabul qilingani ma’lum emas.













