«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Teddi Sheringem Londonning «Arsenal» klubi jahon darajasidagi futbolchilarni sotib olishda Madridning «Real» va «Barselona» jamoalaridan ham ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Angliyalik sobiq futbolchining fikricha, Mikel Arteta boshchiligidagi «Arsenal» hozirda eng jozibador klublardan biriga aylangan. Shu sababli londonliklar Erling Xoland kabi yulduzlarni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatiga ega.
Sheringem Artetaning ish uslubini «Manchester Yunayted»ning afsonaviy bosh murabbiyi ser Aleks Fergyuson faoliyatiga qiyosladi.
«Menimcha, «Arsenal» futbolchilarni tanlashda hatto «Barselona» va «Real»dan ham ustunlikka ega bo‘ladi. Chunki hozir ular eng yuqori pog‘onada turibdi va tobora kuchayib bormoqda.
Arteta o‘z vaqtida ser Aleks Fergyuson qilgan ishni takrorlamoqda. Ya’ni jamoa allaqachon yuqori darajaga chiqqan bo‘lsa ham, yangi futbolchilarni sotib olishda davom etyapti.
Shu orqali u klubda barqarorlikni saqlab, muvaffaqiyatli rivojlanish jarayonining uzluksiz davom etishini ta’minlamoqda», — dedi Sheringem Hajper nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, sobiq hujumchi Arteta avval «Manchester Siti»da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlaganini eslatib, u sobiq klubining ayrim yulduzlarini «Arsenal»ga taklif qilishi mumkinligini taxmin qildi.
«Erling Xolandmi? Rayan Sherkimi? Antuan Semenyomi? Arteta hoziroq telefonni qo‘liga olib, bunday transferlarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotgan bo‘lishi mumkin», — dedi Sheringem.
Erling Xoland «Manchester Siti» safida yuqori sermahsullik namoyish etib kelmoqda. Norvegiyalik hujumchi Angliya klubiga kelganidan buyon 205 ta uchrashuvda maydonga tushib, 169 ta gol urgan.
«Arsenal» esa o‘tgan mavsumda Angliya Premyer-ligasi chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, joriy mavsumda ham chempionlik uchun kurashni davom ettirmoqda.
Sheringemning fikricha, jamoaning so‘nggi muvaffaqiyatlari va Arteta olib borayotgan ishlar londonliklarga transfer bozorida Yevropaning eng yirik klublari bilan raqobatlashish imkonini beradi.













