«Barselona» Deku klubning sport direktori lavozimiga tayinlanganidan buyon transfer bozorida 28,5 million yevro miqdorida ijobiy moliyaviy balans qayd etdi.
Bu haqda MARCA nashri ma’lumot bermoqda.
Nashr hisobotiga ko‘ra, Deku rahbarligidagi uch mavsum davomida Kataloniya klubi 20 nafar futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun 289,5 million yevro sarflagan.
Shu davrda 31 nafar futbolchining jamoani tark etishi esa klubga 318 million yevro daromad keltirgan.
Natijada «Barselona»ning transfer operasiyalari bo‘yicha sof ijobiy balansi 28,5 million yevroni tashkil etgan.
Yevropa grandlari bilan solishtirganda qanday farq bor?
Mazkur ko‘rsatkich Yevropaning boshqa yetakchi klublari natijalaridan sezilarli darajada farq qiladi.
Xususan, xuddi shu davrda Madridning «Real» klubi transferlarga sotuvlardan tushgan daromadga nisbatan 408,5 million yevro ko‘proq mablag‘ sarflagan.
«Atletiko»ning transfer balansi esa manfiy 175 million yevroni tashkil etgan.
Angliya Premyer-ligasi klublarida bu tafovut yanada katta.
«Liverpul»ning sof transfer xarajatlari 635 million yevroga yetgan bo‘lsa, «Manchester Siti»da bu ko‘rsatkich 618 million yevroni tashkil etgan.
«Arsenal» esa transferlar uchun tushumlaridan 569 million yevro ko‘proq mablag‘ sarflagan.
Germaniyaning «Bavariya» klubida ham manfiy balans qayd etilgan — 122,8 million yevro.
Dekuning transfer siyosati
MARCA ma’lumotlariga ko‘ra, Deku jamoa tarkibini kuchaytirishdan voz kechmagan holda daromad va xarajatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Bunda «La Masiya» akademiyasi tarbiyalanuvchilarining asosiy jamoaga jalb qilinishi muhim ahamiyat kasb etgan.
Yosh futbolchilarning tarkibga qo‘shilishi yangi transferlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirgan. Shu bilan birga, futbolchilarning jamoani tark etishi katta sport muammolarisiz amalga oshirilgan.
Sport direktori Antoni Gordon va Karim Adeyemi kabi futbolchilarni ham o‘z safiga qo‘shib olishni ma’qul ko‘rgan. Ular Xans-Diter Flikning hujum chizig‘idagi imkoniyatlarini kengaytirgan.
Uch mavsumda beshta sovrin
Deku «Barselona»ga kelganidan buyon klub ikki marta Ispaniya La Ligasi chempioniga aylangan.
Shuningdek, kataloniyaliklar ikki bor Ispaniya Superkubogini va bir marta Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgan.
Shunday qilib, Dekuning sport direktori sifatidagi faoliyati maydondagi muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda transfer bozoridagi ijobiy moliyaviy balans bilan ham ajralib turibdi.













