Amerika Qo‘shma Shtatlari 2028 yilgi Amerika kubogini o‘tkazish uchun asosiy nomzod hisoblanmoqda. The Times ma’lumotiga ko‘ra, KONMEBOL va KONKAKAF tashkilotlari bu borada muzokaralar olib bormoqda.
Manbaga ko‘ra, mezbonlikka da’vogarlar qatorida bo‘lgan Argentina va Ekvador kurashdan chiqib ketgan.
Amerika kubogi 2016 va 2024 yillarda AQSHda o‘tkazilgan. So‘nggi musobaqada Argentina finalda Kolumbiyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, g‘olib bo‘lgan. Hal qiluvchi golni 112-daqiqada Lautaro Martines kiritgan.
So‘nggi turnirda KONMEBOL tarkibiga kiruvchi 10 ta terma jamoa hamda KONKAKAFning 6 ta vakili ishtirok etgan. Yangi Amerika kubogi kengaytirilgan formatda o‘tkazilishi mumkin. Ishtirokchi jamoalar sonini 16 tadan 20 tagacha oshirish rejalashtirilmoqda.













