Madridning «Real» klubi sobiq himoyachisi Dani Karvaxalning «Xetafe»ga o‘tishi shartnomani tasdiqlash bilan bog‘liq muammolar sababli amalga oshmadi.
Bu haqda Cadena SER radiostansiyasi xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniya La Ligasi Karvaxalga taklif qilingan 400 ming yevro miqdoridagi maoshni juda kam deb hisoblagan. Chunki futbolchi avvalgi klubida 10 million yevro maosh olgan.
Karvaxal hatto «Xetafe»ga o‘tish oldidan tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgan. Biroq transferni rasmiylashtirish uchun La Liganing roziligi talab etilgan.
34 yoshli ispaniyalik himoyachi yozda «Real» bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng erkin agent maqomiga ega bo‘lgan.
Karvaxal Madrid klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Transfermarkt internet portali ma’lumotlariga ko‘ra, himoyachining bozor qiymati 3,5 million yevroni tashkil etadi.













