Londonning "Chelsi", Turinning "Yuventus" klublari hamda Germaniya Bundesligasining bir nechta jamoasi "Bavariya"ning 17 yoshli darvozaboni Leonard Preskottni kuzatib bormoqda.
Myunxen klubi ayni paytda yosh golkiper bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uning amaldagi kelishuvi 2027 yilgacha mo‘ljallangan.
Biroq Preskottning "Bavariya"da muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish imkoniyatlari hozircha noaniqligicha qolmoqda.
Chunki klub 23 yoshli Yonas Urbigni uzoq muddatli istiqbolda asosiy darvozabon sifatida ko‘rmoqda.
Shuningdek, Leonard Preskott Nyu-York shahrida tug‘ilgan bo‘lib, kelib chiqishi nemis va amerikaliklarga borib taqaladi.
AQSH futbol federasiyasi yosh darvozabonni 2030 yilgi jahon chempionatida milliy terma jamoaning asosiy golkiperi bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Buning uchun Preskott o‘z rivojlanishini munosib darajada davom ettirishi lozim.













