Superliga 23-turidagi Toshkent derbisidan so‘ng "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, uchrashuv haqida fikr bildirdi.
"Ko‘p vaziyatlar yaratdik"
Mutaxassis futbolchilar uchrashuvning ahamiyatini yaxshi his qilganini ta’kidladi.
"Yigitlar o‘yinning juda muhim ekanini tushunib turishgandi. Ular oxirigacha kurashishdi, bu esa g‘alaba qozonishimizni ta’minladi. Ko‘p vaziyatlar yaratdik, ularning uchtasidan foydalandik. Har bir bahsda imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘ladi. Ulardan unumli foydalanish borasida ishlashda davom etamiz", — dedi Tojiyev.
Ayman Husayn haqida
"Paxtakor" ustozi jamoa hujumchisi Ayman Husaynning harakatlariga ham to‘xtaldi.
"Ayman jamoaga foyda keltirmoqda. U hujumlar boshlashimiz, bo‘sh hududlarga chiqishimizda yordam bermoqda. Avvalgi bellashuvlarda assist berdi, raqibning qizil kartochka olishiga sababchi bo‘ldi. Tarkibdagi har bir o‘yinchida o‘ynash uchun imkon yuzaga keladi", — dedi murabbiy.













