"Barselona" bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa yarim himoyachisi Mark Bernalni himoya chizig‘ida o‘ynatishni rejalashtirmayapti.
19 yoshli tayanch yarim himoyachisi markaziy himoyachi pozisiyasida ham harakat qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Biroq kataloniyaliklar ustozi bunday tajribalardan voz kechishni afzal ko‘rmoqda.
"Bernal ba’zan mashg‘ulotlarda markaziy himoyachi sifatida o‘ynaydi, ammo rasmiy uchrashuvlarda uni bu pozisiyada ko‘ramiz, deb o‘ylamayman.
Shunga qaramay, bunday iste’dodga ega yosh futbolchi uchun ushbu pozisiyada mashg‘ulot o‘tkazish foydali, deb hisoblayman.
Bu uning rivojlanishiga va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishiga yordam beradi", — dedi Flik matbuot anjumanida.
"Barselona" bugun Ispaniya La Ligasi doirasida o‘z maydonida "Xetafe"ni qabul qiladi.
Uchrashuv O‘zbekiston vaqti bilan soat 21:30 da boshlanadi.













