“Barselona” prezidenti Joan Laporta klubning Ispaniya hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vise-prezidentiga amalga oshirgan to‘lovlari bilan bog‘liq “Negreyra ishi” yuzasidan yana bir bor munosabat bildirdi.
Kataloniya klubi rahbari ayblovlarni rad etib, tergov yakunida “Barselona”ning aybsizligi isbotlanishiga ishonch bildirdi.
“Bizni sud bo‘lmasidan oldin aybdor deb topishga urinishganini takrorlashdan charchamayman. Hozir esa bizga qo‘yilgan ayblovlarning hech biri asosga ega emasligi tobora oydinlashmoqda. Bu ish “Barselona”ning oqlanishi bilan yakunlanadi.
“Barselona” obro‘siga putur yetkazishga astoydil uringanlar o‘z so‘zlarini qaytarib olishga majbur bo‘lishadi. Ular bu voqeaga qiziqishni saqlab qolish maqsadida tergovni imkon qadar cho‘zishmoqda. Biroq bu hech qanday natija bermaydi.
“Real” milliy va xalqaro miqyosda o‘z nufuzi, e’tirofi hamda ishonchni yo‘qotmoqda. Bu yaqqol ko‘rinib turibdi. Ular o‘ta kibrli va manmanlarcha munosabatni tanlashgan. O‘zlariga tanqidiy nazar tashlashlari kerak edi”, — deya Laportaning so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo nashri.













