Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Orelyen Tchuameni Ispaniya La Ligasining 8-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvdagi (1:0) hakamlikdan noroziligini bildirdi.
Bahsning ikkinchi bo‘limi o‘rtalarida bosh hakam Isidro Dias de Mera Vinisius Juniorning golini bekor qildi va braziliyalik futbolchini maydondan chetlatdi. Bunga «Real» vingerining hujum davomida raqib futbolchisining sochidan tortishi sabab bo‘ldi.
«Vilyarreal» kuchli jamoa ekanini bilamiz. Biz bundan ham yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin, ammo uch haftalik tanaffusdan keyin bu oson emas. Eng muhimi — g‘alaba qozonganimiz.
Tribunalardagi muxlislar qo‘llab-quvvatlasa, o‘ynash ancha osonlashadi. Biroq hakamlar bilan nima sodir bo‘layotganini tushunmayapman», — dedi Tchuameni «Real TV» efirida.













