AQSHning MLS chempionati doirasida «Inter Mayami» o‘z maydonida «Di-Si Yunayted»ni qabul qildi. Fort-Loderdeyldagi «Di-Er-Vi Pi-En-Ka Stedium» stadionida o‘tgan uchrashuv mezbonlarning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
G‘oliblar safida urugvaylik hujumchi Luis Suares va argentinalik forvard Lionel Messi ikkitadan gol urishdi.
Suares uchrashuvning 3-daqiqasida hisobni ochdi. 39-daqiqada esa u dublni rasmiylashtirib, «Inter Mayami»ning ustunligini oshirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshlanganidan ko‘p o‘tmay, 47-daqiqada Messi raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 60-daqiqada argentinalik yulduz ikkinchi golini urib, uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:0.
Shu tariqa, «Inter Mayami» MLSdagi g‘alabasiz seriyasini to‘xtadi. Bungacha jamoa ketma-ket beshta uchrashuvda g‘alaba qozona olmagan: to‘rt marta durang o‘ynagan va bir bor mag‘lub bo‘lgan.
«Di-Si Yunayted» esa so‘nggi uchta uchrashuvda ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.
Keyingi turda «Inter Mayami» «Nyu-York Siti» bilan, «Di-Si Yunayted» esa «Nyu-York Red Bullz»ga qarshi bahs olib boradi.
AQSH. MLS
«Inter Mayami» — «Di-Si Yunayted» — 4:0
Gollar: Luis Suares (3, 39), Lionel Messi (47, 60).













