«Barselona» Ispaniya La Ligasining joriy mavsumida hujumdagi yuqori samaradorligi bilan tarixiy natija qayd etdi.
Kataloniyaliklar chempionatning 8-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Xetafe»ni 3:0 hisobida mag‘lub etib, dastlabki sakkizta bahsda urgan gollari sonini 34 taga yetkazdi.
Bu Ispaniya chempionatida so‘nggi 85 yil ichida dastlabki sakkizta tur bo‘yicha qayd etilgan eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.
So‘nggi bor bundan yuqori natija 1940/1941 yilgi mavsumda kuzatilgan. O‘shanda «Sevilya» dastlabki sakkizta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 41 ta gol urgan edi.
Shuningdek, 1930/1931 yilgi mavsumda Bilbaoning «Atletik» klubi ham sakkizta o‘yinda 34 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Endi «Barselona»ni Ispaniya chempionatida navbatdagi jiddiy sinov kutmoqda. Kataloniyaliklar keyingi turda safarda «Betis»ga qarshi maydonga tushadi.
Sevilya klubi ayni paytda turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. «Betis» shu vaqtga qadar o‘z darvozasidan yettita gol o‘tkazib yuborgan. Qizig‘i, «Barselona» ham joriy mavsumda aynan shuncha gol o‘tkazgan.













