«Barselona»ning sobiq yarim himoyachisi Jerar Lopes «Real» hujumchisi Vinisius Juniorning Ispaniya La Ligasi 8-turida «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda (1:0) maydondan chetlatilishiga munosabat bildirdi.
Uchrashuvning 72-daqiqasida braziliyalik futbolchi hujum paytida raqib yarim himoyachisi Natan Salibaning sochidan tortdi. VAR tekshiruvidan so‘ng bosh hakam Isidro Dias de Mera Vinisiusning golini bekor qildi va unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi.
Jerar Lopes Movistar Plus telekanali efirida ushbu vaziyatni keskin tanqid qildi.
«Menimcha, bu xunuk, iflos va jirkanch harakat. Bu menga bolaligimizda maktab hovlisida futbol o‘ynagan paytlarimizni eslatdi. O‘shanda kimdir shunday qilsa, albatta, mushtlashuv kelib chiqardi.
Bu voqea «Santyago Bernabeu»da sodir bo‘lgani, unda Vinisius ishtirok etgani va vaziyat gol bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ortiqcha shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Ammo bu yerda hech qanday bahsli holat yo‘q. Bu qizil kartochka ko‘rsatilishi shart bo‘lgan yaqqol vaziyat», — dedi Lopes.
Shu tariqa, «Barselona»ning sobiq futbolchisi hakamning Vinisiusni maydondan chetlatish haqidagi qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.













