«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoasining UEFA Chempionlar ligasida ketma-ket ikkinchi mavsum finalga chiqish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Londonliklar o‘tgan mavsumda musobaqa finaliga qadar yetib borgan, biroq hal qiluvchi bahsda «Pari Sen-Jermen»ga imkoniyatni boy bergan edi. O‘sha uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqti 1:1 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida esa Fransiya klubi ustun kelgan.
Arteta «Lill»ga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoasining maqsadlari va navbatdagi raqib haqida gapirdi.
«Yana finalga chiqish huquqini qo‘lga kiritishimiz kerak. Klubimiz tarixida hali hech qachon Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lmaganmiz va buni yaxshi anglashimiz lozim.
Ertaga bizni juda kuchli raqibga qarshi uchrashuv kutmoqda. Ular taktik jihatdan ajoyib tayyorgarlikka ega.
Davide Anchelotti erishgan natijalar hayratlanarli. Buni tushunish uchun jamoaning Fransiya Liga 1 musobaqasida qanday o‘ynayotganiga nazar tashlash kifoya», — dedi Arteta.
Ma’lumot uchun, «Arsenal» 13 oktyabr, seshanba kuni Chempionlar ligasi doirasida o‘z maydonida Fransiyaning «Lill» klubini qabul qiladi.













