"Manchester Siti" himoyachisi Mark Gexi UEFA Chempionlar ligasi doirasida Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Angliyalik futbolchi faoliyati davomida Chempionlar ligasida ishtirok etish darajasiga yetishiga avvallari ishonmaganini tan oldi. Shuningdek, u jamoasining asosiy maqsadi har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish ekanini ta’kidladi.
"Men hech qachon Chempionlar ligasida o‘ynash haqida o‘ylamaganman. Chunki, ochig‘ini aytsam, faoliyatimda bunday darajaga yetishimga ishonmaganman.
O‘ylashimcha, bunday muhim uchrashuv oldidan hayajonlanish tabiiy holat. Biroq men bahsga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim.
Barchamiz g‘alaba qozonishni istaymiz. Klubimizning yagona maqsadi — doimo g‘alaba qozonish", — deya Gexining so‘zlarini keltiradi UEFA matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, "Manchester Siti" 14 oktyabr, chorshanba kuni UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turida o‘z maydonida "PSJ"ni qabul qiladi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 15 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.













