"Pari Sen-Jermen" yarim himoyachisi Fabian Ruis jamoadoshi Ferran Torresning o‘yin uslubi va kuchli jihatlari haqida fikr bildirdi.
Ispaniyalik futbolchi Torresning bo‘sh hududlarni topish, hujumga o‘z vaqtida qo‘shilish va golli vaziyatlar yaratish borasidagi mahoratini alohida e’tirof etdi.
"Uning kuchli jihatlari juda ko‘p, ammo eng avvalo, u maydondagi bo‘sh hududlarni ajoyib his qiladi va qachon oldinga keskin yugurish kerakligini yaxshi biladi. Biz, yarim himoyachilar uchun bu juda muhim.
To‘p bizda bo‘lganida, u albatta bo‘sh hududga ochilishini bilamiz. Ferran juda tezkor futbolchi, oldinga tashlanish uchun eng qulay paytni aniq tanlay oladi. Bu esa vazifamizni sezilarli darajada yengillashtiradi. Bundan tashqari, u ko‘p gol uradi.
Men uni Ispaniya terma jamoasida ko‘p yillar davomida birga o‘ynaganimiz sababli juda yaxshi bilaman. Uning jamoamizga o‘tayotganini eshitganimda juda xursand bo‘ldim. Chunki Ferran bizga qanchalik katta foyda keltirishi mumkinligini yaxshi tushunardim.
Fransiya chempionatidagi "Renn"ga qarshi ilk uchrashuvdayoq maydonda o‘zaro yaxshi tushunishga erishganimiz biz uchun omadli bo‘ldi.
Umid qilamanki, bu shunday o‘yinlarning faqat birinchisi edi va oldinda yana ko‘plab muvaffaqiyatli uchrashuvlar kutib turibdi.
Men unga golli uzatmalar berishda davom etishni, u esa gol urishdan to‘xtamasligini istayman. Chunki bundan Ferran ham, men ham, butun jamoamiz ham foyda ko‘radi", — dedi Ruis.













