«Liverpul»ning sobiq sardori Stiven Jerrard jamoaning «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvida (0:3) maydonga tushgan yosh futbolchi Lyuis Kumasning harakatlariga yuqori baho berdi.
Kumas ushbu bahsda Angliya Premyer-ligasida ilk bor «Liverpul»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va 75 daqiqa harakat qildi.
Jerrard klub akademiyasi tarbiyalanuvchilarining asosiy jamoada o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
«Men uning uchun xursandman. O‘zim ham «Liverpul» akademiyasidan yetishib chiqqanman. Shuning uchun yosh futbolchilarning imkoniyatga ega bo‘lishi va undan unumli foydalanishini ko‘rish menga yoqadi. Uni darhol eng og‘ir sinovlardan biriga ro‘baro‘ qilishdi», — deya Jerrardning so‘zlarini keltiradi Wales Online.
Shu bilan birga, angliyalik sobiq futbolchi Kumasning o‘yinida hali takomillashtirilishi lozim bo‘lgan jihatlar borligini qayd etdi. Biroq u yosh hujumchining salohiyatiga ishonch bildirdi.
«Ayrim vaziyatlarda unga aniqlik yetishmadi. Demak, hali ishlashi kerak bo‘lgan jihatlar bor. Ammo maydondagi fidoyiligi, jamoa uchun kurashishga tayyorligi va klub sharafini munosib himoya qilishga intilishi nuqtai nazaridan u yosh futbolchiga o‘xshamadi. U haqiqiy katta futbolchilardek o‘ynadi», — dedi Jerrard.
Ma’lumot uchun, Lyuis Kumas 2024 yil fevral oyida «Liverpul»ning asosiy jamoasida debyut qilgan. U Angliya kubogi doirasida «Sautgempton»ga qarshi uchrashuvda 63 daqiqa maydonda harakat qilgan edi.













