Turkiyaning «Galatasaroy» klubi bosh murabbiyi yordamchisi Ismael Garsiya UEFA Chempionlar ligasi doirasida «Barselona»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan kataloniyaliklar salohiyati va ayrim futbolchilari haqida fikr bildirdi.
Ispaniyaning MARCA nashri xabar berishicha, mutaxassis «Barselona» va «PSJ»ni joriy mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib chiqishga asosiy da’vogarlar qatoriga kiritgan.
Garsiya, shuningdek, «Barselona»ning braziliyalik hujumchisi Rafinyaning bo‘lajak uchrashuvda maydonga tushmasligini afzal ko‘rishini yashirmadi.
«Agar u o‘ynay olmasa, biz uchun shuncha yaxshi», — dedi Garsiya.
Mutaxassis futbol muxlislari har doim eng kuchli o‘yinchilarni maydonda ko‘rishni istashini tushunishini ta’kidladi. Biroq uning uchun birinchi navbatda «Galatasaroy»ning g‘alaba qozonish imkoniyatlari muhim ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, Garsiya joriy yilgi «Oltin to‘p» sovrini uchun kurash haqida ham o‘z fikrini bildirdi. Uning nazarida, bu yil mazkur nufuzli mukofotga «Bavariya» hujumchisi Harri Keyn munosib.
Murabbiy «Barselona»ning yosh iqtidori Lamin Yamalning kelajagiga ham katta ishonch bildirdi.
Garsiyaning fikricha, kataloniyaliklar futbolchisi kelgusida jahonning eng kuchli o‘yinchilaridan biriga aylanib, faoliyati davomida bir necha marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish salohiyatiga ega.













