Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rais o‘rinbosari Kyurshad Zorlu har ikki yilda bir marta «Turkiy mamlakatlar kubogi» futbol turnirini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Unda turkiy davlatlarning milliy terma jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Sports.kz TRT Haber nashriga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Zorlu Turkiya futbol federasiyasi mamlakat Yoshlar va sport vazirligi bilan hamkorlikda barcha turkiy davlatlar ishtirokidagi «Turkiy mamlakatlar kubogi» turnirini tashkil etish ishlarini boshlayotganini ta’kidlagan. Musobaqani har ikki yilda bir marta o‘tkazish rejalashtirilgan.
Turkiya tomonidan turkiy davlatlar sifatida Turkiy davlatlar tashkilotining a’zolari va kuzatuvchilari ko‘rsatilgan. Ushbu tashkilotning to‘laqonli a’zolari qatoriga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston kiradi.
Vengriya, Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi esa tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.













