Madridning "Real" klubi sobiq futbolchisi Antonio Kassano turkiyalik yarim himoyachi Arda Gyulerni "Qirollik klubi" va Ispaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Guti bilan taqqosladi.
Italiyalik sobiq hujumchining fikricha, Gyuler ulkan iste’dod sohibi bo‘lsa-da, hozircha Gutining o‘yin saviyasiga yeta olgani yo‘q.
"Gyuler — favqulodda iste’dodli futbolchi, ammo u hali Gutining darajasida emas.
Guti "galaktikos" yulduzlari orasida ham sevimli futbolchilardan biri edi. Uning hal qiluvchi uzatmalari ajoyib bo‘lardi. Chap oyog‘i bilan deyarli hamma ishni bajara olardi.
Uning o‘yini meni doimo hayratda qoldirardi. Menimcha, Guti o‘z imkoniyatlarining atigi 40–50 foizini namoyish etgan, xolos.
U ikki yoki uch marta "Oltin to‘p" mukofotini qo‘lga kiritishi kerak edi", — deya Kassanoning so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Qayd etish joiz, Guti "Real" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Ispaniyalik sobiq yarim himoyachi 1994 yildan 2010 yilga qadar Madrid klubi sharafini himoya qilgan.













