Angliyalik murabbiy Garet Sautgeyt Premyer-liga klublaridan birida ishlashi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.
«Qanday sharoitda yana bu ishga qaytishim mumkinligini tasavvur ham qila olmayman. Angliya terma jamoasidagi faoliyatimning oxirlariga kelib, bu ishdan zavq olmay qo‘ygandim. Dastlab g‘alabalar qiziqishimni ma’lum darajada saqlab turardi, keyin esa... O‘sha paytga kelib, hatto g‘alabalardan ham atigi bir-ikki daqiqa xursand bo‘lardim. O‘shandan beri futbolni deyarli tomosha qilmayman.
Angliya kubogi finaliga o‘z jamoam — “Kristal Pelas”ning ilk sovrinini qo‘lga kiritishini ko‘rish uchun borgandim. O‘shandan beri futbol stadionlariga boshqa bormaganman. Shuning uchun futbolga aloqador bo‘lish istagim ancha o‘zgardi», — deya Sautgeytning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
Eslatib o‘tamiz, 56 yoshli Garet Sautgeytning so‘nggi ish joyi Angliya terma jamoasi bo‘lgan. U 2024 yilda terma jamoani tark etgan.













